Shartlar va qoidalar

2019-2020 o‘quv yilida umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 4-11-sinf hamda akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarinig 1-2-3-bosqich o‘quvchilari o‘rtasida onlayn olimpiadani o‘tkazish to‘g‘risidagi

MUVAQQAT NIZOM


1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Oʼzbekiston Respublikasida umumiy o‘rta taʼlim maktablarining 4-11-sinf, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarining 1-2-3-bosqich o‘quvchilari (keyingi o‘rinlarda – o‘quvchilar) o‘rtasida butunjahon Internet tarmogʼida onlayn fan olimpiadalarini (keyingi o‘rinlarda – onlayn olimpiada) tashkil etish, o‘tkazish, o‘quvchilarning olimpiadada ishtirok etishi hamda reytingini aniqlash tartibini belgilaydi.   

2. O‘quvchilarning intellektual musobaqalarda ishtirok etishini ta’minlash, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni ragʼbatlantirish, fan olimpiadalariga bo‘lgan qiziqishini va ijodiy faolligini oshirish, o‘quvchilarning bilim darajasini aniqlashning muqobil baholash imkoniyatini yaratish, ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, onlayn olimpiadaning asosiy maqsad va vazifalari hisoblanadi.    

3. Onlayn olimpiada Xalq ta’limi vazirligi Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti (keyingi o‘rinlarda – Tahskilotchi) tomonidan  muvofiqlashtiriladi, olimpiadaning tashkiliy va texnik taʼminotini Xalq taʼlimi sohasida Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi (keyingi o‘rinlarda – АKT markazi) tomonidan amalga oshiriladi.   

4. Onlayn olimpiadani o‘tkazish kuni va vaqtlari Tashkilotchi tomonidan belgilanadi.

2-bob. Onlayn olimpiada turlari va tasnifi

5. Onlayn olimpiada oʼquv yilining har choragida 4 bosqichda  matematika, fizika, kimyo, biologiya, hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan o‘tkaziladi. Onlayn olimpiadada ishtirok etadigan o‘quvchilarning sinflar va fanlar kesimidagi tasnifi 1-ilovaga muvofiq belgilanadi.

6. Onlayn olimpiada nazorat materiallari davlat ta’lim standartlari va o‘quv metodik majmualariga tayangan holda tayyorlanib, nostandart topshiriqlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

7. Onlayn olimpiada topshiriqlari  (A, B, C, D)  javob variantlariga ega bo‘lgan 20 ta test savollaridan iborat bo‘lib, ularni bajaraish uchun 60 daqiqa vaqt ajratiladi.

8. Onlayn olimpiada o‘tkaziladigan sana va vaqt Tashkilotchi tomonidan belgilanadi. Tashkilotchining olympiad.uzedu.uz rasmiy vebsaytida hamda “Onlayn olimpiadani tashkil etish va iqtidorli o‘quvchilar zahirasini shakllantirish axborot tizimi”da (oo.uzedu.uz) (keyingi o‘rinlarda – axborot tizimi) doimiy ravishda eʼlon qilinadi. Har bir bosqich to‘gʼrisidagi maʼlumotlarni o‘quvchilarga o‘z vaqtida  yetkazish taʼlim muassasalari rahbarlari zimmasiga yuklanadi.     

 

3-bob. Onlayn olimpiadada ishtirok etish tartibi

9. O‘quvchining onlayn olimpiadada ishtirok etishi bepul va ixtiyoriy ravishda amalga oshiriladi.

10. O‘quvchi ixtiyorida texnik jihatdan soz holatda bo‘lgan hamda Internet tarmogʼiga ulangan qurilma (shaxsiy kompyuter, noutbuk, planshet, mobil telefon va h.k.). bo‘lishi lozim va o‘quvchida ulardan foydalana olish ko‘nikmasi mavjud bo‘lishi zarur, jumladan qurilma orqali internet tarmog‘idagi Axborot tizimiga mustaqil kira olishi kerak

11. O‘quvchi dastlab Axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tadi, o‘z shaxsiy kabinetiga ega bo‘ladi va olimpiadada ishtirok etish uchun onlayn ariza yuboradi .

12 . Ro‘yxatdan o‘tish uchun o‘quvchi Tashkilotchining olympiad.uzedu.uz rasmiy veb-saytining “BOSH SAHIFA”sidagi  “ONLAYN OLIMPIADA” tugmasini bosish orqali Axborot tizimiga kiradi.  

13. O‘quvchi  Axborot tizimida “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasini bosadi va o‘zi haqidagi quyidagi shaxsiy ma’lumotlarni kiritadi:

-Viloyati;

-Tumani;

-Maktabi;

-Sinfi;

-Jinsi;

-Familiyasi;

-Ismi;

-Otasining ismi;

-Telefon raqami;

-Elektron pochta manzili;

-Tug‘ilganlik haqida guvohnoma seriyasi va raqami;

-Login;

-Parol

va “Yuborish” tugmasini bosish orqali ro‘yxatdan o‘tishni yakunlaydi:

14. Ro‘yxatdan o‘tish muvaffaqiyatli amalga oshirilgan taqdirda, o‘quvchi o‘zi kiritgan “Login” va “Parol” bilan shaxsiy kabinetiga kirishi mumkin va bu onlayn olimpiadada ishtirok etish uchun ta’lim muassasasiga onlayn ariza yuborgan hisoblanadi.

15. Ta’lim muassasasining o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari o‘quvchilarning onlayn arizalarini tasdiqlash uchun mas’ul hisoblanadi (keyingi o‘rinlarda – mas’ul xodim) va onlayn arizadagi ma’lumotlarning to’g’rili bo’yicha   shaxsan javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Onlayn arizalarni ko‘rib chiqish muddati bir ish kunini tashkil etadi.

16. O‘quvchi yuborgan onlayn arizadagi ma’lumotlar to’g’riligi tahsil olayotgan ta’lim muassasasi mas’ul xodimi tomonidan tasdiqlanadi. Ariza ta’lim muassasasi tomonidan tasdiqlangunga qadar yoki rad etilgan hollarda Axborot tizimidan to‘liq foydalanolmaydi.

17. O‘quvchi o‘z sinf kesimida bir necha fanlardan onlayn olimpiadada ishtirok etishi mumkin.

18. Onlayn olimpiada natijasi va reytinglari har bir sinf va fan kesimida alohida bo’lib, olimpiada uchun ajratilgan  vaqt to‘liq yakuniga yetgach Axborot tizimida e’lon qilinadi. 

 

4-bob. Onlayn arizani ta’lim muassasasi tomonidan ko‘rib chiqish tartibi

19. Mas’ul xodim olympiad.uzedu.uz rasmiy veb-saytining “BOSH SAHIFA”sidagi  “XODIMLAR UCHUN KIRISH” tugmasini bosadi va ta’lim muassasasiga tegishli bo‘lgan “Login” va “Parol”ini kiritib, “Kirish” tugmasini bosish orqali shaxsiy kabinetga kiradi.

20. Mas’ul xodim shaxsiy kabinetdagi “Onlayn olimpiada” sahifasiga kelib tushgan “Yangi” statusidagi onlayn arizalarni ko‘rib chiqadi va o‘quvchi tomonidan kiritilgan ma’lumotlar to’g’ri bo’lgan taqdirda ariza “Sariq” tugmani bosib, “Tasdiqlash”  aks holda “Rad etish” qarorini qabul qiladi.

21.O‘quvchining onlayn arizasida xato va noto‘g‘ri ma’lumotlar Mas’ul xodim tomonidan arizani rad etishga asos bo‘ladi. Boshqa sabablar bilan onlayn arizani rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

22. O‘quvchining onlayn arizasini tasdiqlash mas’ul xodim tomonidan faqat bir marotaba amalga oshiriladi va shu orqali o‘quvchi ta’lim muassasasini bitirgunga (o‘zgartirgunga) qadar onlayn olimpiadada ishtirok etishi mumkin.

 

5-bob. Onlayn olimpiadaning test topshiriqlarini bajarish tartibi

23. O‘quvchi Tashkilotchining olympiad.uzedu.uz rasmiy veb-saytining “BOSH SAHIFA”sidagi  “ONLAYN OLIMPIADA” tugmasini bosadi va o‘ziga tegishli bo‘lgan “Login” va “Parol”ini kiritib, “Kirish” tugmasini bosish orqali shaxsiy kabinetiga kiradi.

24. O‘quvchi shaxsiy kabinetidagi “Onlayn olimpiada” sahifasida “Testni boshlash” tugmasini bosish orqali onlayn olimpiada test topshiriqlarini bajarishi mumkin bo’ladi .

25. O‘quvchi berilgan topshiriqlarni tanlash orqali ixtiyoriy ketma-ketlikda yechishi mumkin.

26. O‘quvchi berilgan har bir topshiriqning faqat bitta javob variantini belgilaydi yoki berilgan topshiriqning hech bir javob variantini belgilamasligi mumkin.

27. O‘quvchi o‘z xohishiga ko’ra “Yakunlash” tugmasini bosish orqali onlayn olimpiadada o‘z ishtirokini tugatishi mumkin.  

28. O‘quvchi onlayn olimpiadani “Yakunlash” tugmasini bosib yakunlagadan so‘ng, ushbu onlayn olimpiadada yana qaytadan ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

29. O‘quvchi onlayn olimpiadani berilgan vaqt muddatidan oldin yakunlash imkoniyatiga ega. Bu holda natijalarni barcha uchun ajratilgan vaqt tugagandan keyin ko’rish mumkin bo’ladi 

30. O‘quvchi ajratilgan vaqt davomida onlayn olimpiadani yakunlashga ulgurmasa, axborot tizimi uni avtomatik tarzda yakunlaydi  

6-bob. Onlayn olimpiada ishtirokchilari reytingini aniqlash tartibi

31. O‘quvchi onlayn olimpiadani “Yakunlash” tugmasi orqali yoki Axborot tizim avtomatik tarzda onlayn olimpiadani yakunlagandan so‘ng, “Natijalar sahifasiga o‘tish” havolasi orqali “Natijalar” sahifasiga o‘tadi.

32. O‘quvchi “Natijalar” sahifasida onlayn olimpiadaga berilgan vaqt muddati yakunlanmagan taqdirda “Test yakunlanishini kuting” izohi bilan tanishadi yoki onlayn olimpiadaga berilgan vaqt muddati yakunlangan bo‘lsa “TEST NATIJASINI KO‘RISH” tugmasini bosish orqali avtomatik hisoblangan quyidagi natija va reytinglar bilan tanishadi:

  - Olimpiadani boshlagan vaqti;

  - Olimpiadani yakunlagan vaqti;

  - Jami to‘plangan ball;

  - To‘g‘ri javoblar soni;

  - Noto‘gri javoblar soni;

  - Tanlanmagan javoblar soni;

  - Maktab kesimida reyting o‘rni;

  - Tuman kesimida reyting o‘rni;

  - Viloyat kesimida reyting o‘rni;

  - Respublika kesimida reyting o‘rni;

  - Joriy fandan respublika kesimida umumiy reyting o‘rni

33. Onlayn olimpiada topshiriqlarining murakkablik darajasiga ko‘ra 1-5 bal oralig‘ida baholanadi.

34. O‘quvchi reytinglarini aniqlashda to‘plangan ball bir xil bo‘lgan taqdirda topshiriqlarni yechishda kamroq vaqt sarflagan o‘quvchi yuqoriroq o‘rinni egallaydi.

35. Joriy fandan respublika kesimida umumiy reyting o‘rni o‘quvchining  tegishli fandan to‘plagan bali va topshiriqlarni yechish uchun sarflagan vaqtini inobatga olgan holda avtomatik shakllanadi.

36. Onlayn olimpiadaga berilgan vaqt muddati yakunlangan taqdirda “TEST TAHLILI” tugmasini bosish orqali o‘zi belgilagan javob variantlari va to‘g‘ri javoblar haqida qayta tahlil qilishi mumkin.

37. O‘quvchi shaxsiy kabinetidagi “Natijalar” sahifasida o‘zi ishtirok etmagan onlayn olimpiadaning natijalari va tahlili bilan tanisha olmaydi. Barcha natijalar va tahliliy ma’lumotlar Tashkilotchining rasmiy veb-saytida yoritib boriladi.

38. O‘quvchi shaxsiy kabinetidagi “Natijalar” sahifasida har bir onlayn olimpiadada ishtiroki bo‘yicha egallagan o‘rni va natijalari bo‘yicha QR-kodli sertifikatni yuklab olishi mumkin.

 

7-bob. Yakunlovchi qoidalar

39. Oquvchi mazkur Nizomning 10 bandida nazarda tutilgan qurilmalarning birontasiga ega bo‘lmasa yoki qurilmaning texnik holati talabga javob bermasa, qurilma barqaror ishlashida uzilishlar sodir bo‘lsa, o‘quvchida qurilmalarni ishlatish bilan bog’liq amaliy ko‘nikmalar mavjud bo‘lmasa, shuningdek qurilma jahon internet tarmog‘iga ulanmagan bo‘lsa yoki ulanishdagi nosozliklar bilan bog’liq muammolarga Tashkilotchi javobgarlikni oz zimmasiga olmaydi.

40. Onlayn olimpiadada apellyatsiya qilinmaydi. Ishtirokchilarning test topshiriqlariga bergan javoblari qayta korib chiqilmaydi.

41. Telekommunikatsiya va energetika tarmoqlari bilan bog'liq muammolar, uchinchi shaxslarning nomaqbul xatti-harakatlari tufayli axborot tizimining ishdan chiqishi tufayli vujudga keladigan muammolar uchun olimpiada tashkilotchilari javobgarlikni oz zimmasiga olmaydi.   

42. Login va parolni o'quvchi unutib qo'ygan holatlarda, uni tiklash uchun o'z maktabidagi mas'uliga murojaat qiladi.